Reklama — iqtisodiyotning kamyob imkoniyati, davlat esa uni ko'rmayapti — GRP.uz
MissiyaFikrlarTerminologiyaKalkulyator
Suhbat

Reklama — iqtisodiyotning kamyob imkoniyati, davlat esa uni ko'rmayapti

25 noy. 2026

TL;DR≈ 2 daq

Reklama qo'shimcha qiymat zanjirini yarata oladi, ammo eskirgan qonunosti hujjatlari va hokimiyat organlarining aralashuvi bozorga to'sqinlik qiladi — davlat qoidalarni bozor ishtirokchilari bilan birgalikda yangilashi kerak.

  • «Reklama to'g'risida»gi va «Axborotlashtirish to'g'risida»gi qonunlar umumiy talablarni belgilaydi, ammo qonunosti hujjatlari texnologiyalardan orqada qolmoqda, mahalliy hokimliklarning tashqi reklama sohasidagi vakolatlari esa bozor muhitini buzmoqda.
  • Bozorning asosiy muammosi — davlat organlari va mahalliy hokimiyatlarning tinimsiz aralashuvi: yo'l bo'yidagi tashqi reklamaga bosim, konstruksiyalarni o'zboshimchalik bilan buzish, davlat buyurtmalaridagi yopiq kelishuvlar.
  • Davlat reklamani birinchi navbatda rivojlantiriladigan soha sifatida ko'rishi, uning YaIMdagi ulushini oshirishi va qonunchilikni bozor ishtirokchilarining takliflari asosida yangilashi kerak.
Kimga foydali: Reklama agentliklari egalari va tashqi reklama operatorlari, yuristlar, soha assotsiatsiyalari, qonun chiqaruvchilar va regulyatorlar.Nimani qo'llash: Reklamaga oid qonunosti hujjatlarini yangilash bo'yicha bitta aniq taklif tayyorlang va uni soha assotsiatsiyasi orqali yuboring.
Rasul Kusherbayev — siyosiy arbob

Rasul Kusherbayev — siyosiy arbob. Reklama haqidagi qonunlar nega zamondan orqada qolayotgani va davlat nega bozor ishtirokchilarini eshitishi kerakligi haqida.


Qonun bor, ammo u zamondan orqada

O'zbekistonda reklama bozorini tartibga solishga qaratilgan amaldagi qonunlar, jumladan «Reklama to'g'risida»gi, «Axborotlashtirish to'g'risida»gi qonunlarda reklama va reklama tusidagi axborotlarga doir umumiy talablar belgilangan. Biroq zamonaviy axborot texnologiyalarining tez sur'atlarda rivojlanib borishi bu boradagi qonunchilik jumladan, qonunosti hujjatlarini doimiy yangilab borishni taqozo qilmoqda. Xususan Hukumatning bu yo'nalishdagi qarori bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Mahalliy hokimliklar ixtiyoriga berilgan hududiy doiradagi tashqi reklama sohasidagi vakolatlar bozor muhiti buzilishiga olib kelmoqda. Hozirda asosiy muammo qonunosti hujjatlarida deb o'ylayman. Mahalliy hokimliklarning vakolatini bekor qilish zamon talabi bo'lib turibdi.

Parlament va reklamachilar lobbisi

Shu bilan birga bugungi qonun qabul qiluvchi parlament ham reklamachilarning kuchli lobbisi ta'sirida deb o'ylayman. Buni tarkibida alkogol mavjud bo'lgan mahsulotlarga oid ayrim cheklovlarning «Reklama to'g'risida»gi qonun talablaridan chiqarilgani misolida ko'rish mumkin.

Asosiy muammo — tinimsiz aralashuv

Bozordagi eng yaqqol muammoli vaziyat davlat organlari va mahalliy hokimiyatlarning reklama bozoriga tinimsiz aralashuvida deb bilaman. Jumladan, yo'l bo'ylaridagi tashqi reklama vositalari bir necha yillardan beri qattiq aralashuvlar ostida qolmoqda. Tadbirkor reklamachilarning na mulk huquqi va na tadbirkor sifatida huquqlari inobatga olindi. Ularning reklama konstruksiyalarini o'zboshimchalik bilan buzib tashlash holatlari ko'p kuzatildi. Toshkent shahrida esa shahar hokimligi guruhi tadbirkorlardan noqonuniy ravishda reklama bahona peshlavhalar uchun pul undirishga harakat qildi.

«O'yin qoidalari» shaffof emas, muloqot yo'q

Aynan reklama sohasidagi tarmoqlar kesimida qaralsa, holat turlicha. Biroq davlat organlaridan buyurtma olishda haliyam yopiq kelishuvlar saqlanib qolmoqda. Reklama bo'yicha biznes vakillari va davlat organlari o'rtasidagi samarali muloqotni shaxsan men yaqin yillar ichida ko'rmadim.

Ijtimoiy mas'uliyat — ixtiyoriy ish

Biznes o'z xohishiga ko'ra ijtimoiy mas'uliyatni bo'yniga olishi kerak. Va bunga imkoniyati yetsa. Agar istamasa bunga majbur qilib bo'lmaydi. Men bu borada ha yoki yo'q deb javob berolmayman. Buni biznes vakillaridan so'ragan ma'qul.

Nega bu masalalarni kengroq muhokama qilish kerak

Ha, albatta kengroq muhokama qilish kerak. Avvalo reklama bozorining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi, umumiy iqtisoddagi ulushini oshirish ustida bosh qotirish zarur.

Reklama sohasi bu qo'shimcha qiymat zanjirini yarata oladigan kamyob sohalardan biri deb hisoblayman.

Shu bois, davlat bu sohaga birinchi darajadagi rivojlanishi shart bo'lgan sohalar qatori qarashi shart. Bu o'z o'rnida reklama bozorini nafaqat erkin va tartibli qilish, balki reklama orqali kirib kelishi mumkin bo'lgan yot g'oya va unsurlardan jamiyatni muhofaza qilish uchun ham zarur. Reklama madaniyatini yuksaltirish ham davlat bosh islohotchi sifatida boshlab berishi kerak bo'lgan ishlardan.

Shu sabab bugun davlat bu soha vakillarini yanada yaqinroq eshitishi, ularning milliy manfaatlarga mos takliflarini amaliyotga tatbiq qilishi kerak. Qonunchilikni yangilash ham reklama bozori ishtirokchilarining takliflari asosida bo'lishi shart.

✈ Telegramda muhokama👁 —