6 okt. 2026
O'zbekiston marketingi jadal rivojlanmoqda, ammo tarqoqligicha qolmoqda: tahlilchilar va ma'lumotlarsiz qarorlar rahbarlarning shaxsiy qarashlariga tayanadi, kuchli mahalliy modellarni esa allaqachon eksport qilish mumkin.
Otabek Xamidov — O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti menejment va marketing kafedrasi o'qituvchisi.
Bugungi kunda O'zbekistonda marketing va reklama sohasi jadal rivojlanish bosqichida bo'lsa-da, uni to'liq shakllangan tizimli tarmoq deb atashga hali erta. Ayrim yirik brendlar, xalqaro kompaniyalar va professional agentliklar CRM-tizimlari hamda maqsadli (target) reklamadan foydalanib, yuqori saviyada ishlashga intilmoqda.
Biroq, umuman olganda, bozor infratuzilmasi tarqoqligicha qolmoqda: yaxlit tadqiqot standartlari mavjud emas, iste'molchi xulq-atvorini o'rganish sust darajada, aksariyat kompaniyalar esa investitsiya daromadligini (ROI) o'lchamaydi va tizimli analitika yuritmaydi.
Sohaning eng o'tkir muammosi — ma'lumotlar, biznes va texnologiyalar kesishmasida ishlay oladigan tahlilchi va strateg-kadrlar tanqisligidir.
Ta'lim tizimi bozorni bunday mutaxassislar bilan yetarlicha ta'minlay olmayotgani sababli, kompaniyalarda qaror qabul qilish aniq ko'rsatkichlar va raqamlarga emas, balki rahbarlarning shaxsiy qarashlariga tayanib qolmoqda.
G'arb yoki xalqaro marketing modellarini O'zbekiston bozoriga to'g'ridan-to'g'ri mexanik ko'chirish ko'pincha kutilgan natijani bermaydi. Mamlakatimizda xarid qarorlarining qabul qilinish tuzilmasi hamda yetkazib berishda naqd pul orqali hisob-kitob qilish ulushining yuqori ekani (60%dan ortiq) xalqaro standart sotuv zanjirlarini o'zgartiradi.
Yana bir zaif jihat — raqamli infratuzilmaning bir tomonga og'ib ketganidir. Telegram platformasining mutlaq ustunligi ko'plab kompaniyalarning marketing strategiyalarini faqat bitta kanalga bog'lab qo'ydi. Hududlarda esa bazaviy raqamli ko'nikmalarning yetishmasligi kichik biznesning bitta instrument doirasidan chiqishiga imkon bermayapti.
Biznes uchun «o'yin qoidalari» shaffofligi ijobiy tomonga o'smoqda, lekin to'liq ochiqlik haqida gapirishga hali erta. Yagona raqamli platformalarning joriy etilishi, tadbirkor haqligi tamoyilining mustahkamlanishi va kichik biznes uchun tekshiruvlar moratoriysi qulay muhit yaratmoqda. Shunga qaramay, amaliyotda hali ham byurokratik to'siqlar va korporativ ma'lumotlarning yopiqligi saqlanib qolmoqda.
Shu bilan birga, biznesning ijtimoiy mas'uliyati (IJT) tushunchasi ham o'zgarmoqda. Mas'uliyatli biznes yuritishga doir qonunchilik talablari IJTni shunchaki xayriya tadbiridan risklarni boshqarish va strategik rivojlanish vositasiga aylantirmoqda. Ekologik va ijtimoiy standartlarni biznes modeliga integratsiya qilgan kompaniyalar davlat xaridlarida va imtiyozlar olishda ustuvorlikka ega bo'lmoqda.
O'zbekiston marketing sohasi xalqaro tajribani shunchaki o'zlashtirishdan o'z ekspertizasi va yechimlarini taklif etish bosqichiga o'tmoqda. Mamlakatimiz rivojlanayotgan bozorlar uchun quyidagi yo'nalishlarda noyob amaliy modellarni eksport qilishi mumkin:
Marketingdagi muammolar (kadrlar tanqisligi, analitikaning yo'qligi, bir kanallilik) alohida olingan soha muammosi emas.
Bu — ta'lim tizimi, biznes shaffofligi va raqamli infratuzilmaning umumiy holati ko'zgusidir.
Sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun ta'lim muassasalari, davlat organlari va biznes hamjamiyati o'rtasida tizimli muloqotni yo'lga qo'yish, birinchi navbatda, amaliy kadrlar tayyorlash va ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash zarur.