29 avg. 2026
Bozor ikki tezlikda ketmoqda: katta biznes tizimli ishlaydi, o'rta biznesga strateglar yetishmaydi, — eksportga esa O'zbekiston bugun metodologiyani emas, kreativni taklif qilishi kerak.
Jamshid Xoliqulov — Fido Studio asoschisi va direktori. Nega bozorga vositalar emas, strategik fikrlaydigan kadrlar yetishmayotgani va O'zbekiston bugun dunyoga nimani taklif qila olishi haqida.
Bugungi kunda O'zbekistonda marketing va reklama sohasining rivojlanish darajasi bir xil emas. Katta biznes allaqachon tizimli ishlashga o'tgan bo'lsa, o'rta biznes ushbu bosqichga endi kirib kelmoqda.
Bu o'tish jarayonidagi eng og'riqli nuqta — strategik fikrlaydigan kadrlar yetishmasligi hamda mutaxassislar va biznes egalari o'rtasidagi kommunikatsiyaning yetarlicha yo'lga qo'yilmaganidir.
Bozordagi eng yaqqol namoyon bo'layotgan muammo bu shunchaki marketing usullarining kamligi emas, balki mutaxassislarning umumiy darajasi pastligidir. Mamlakatda yaxlit marketing maktabining shakllanmagani sababli marketing strategiyasi bo'yicha professional kadrlar juda kam.
Shu bilan birga, sohadagi «o'yin qoidalari»ni to'liq shaffof deb bo'lmaydi. Katta biznes doimiy ravishda risklardan qochishga intiladi, shu bois faqat o'zi ilgardan beri ishongan va sinovdan o'tgan odamlar bilan hamkorlik qilishni afzal ko'radi.
Kadrlar masalasidagi qiyinchiliklarga qaramay, oxirgi yillarda biznesning ijtimoiy mas'uliyati sezilarli darajada oshdi. Ko'plab mahalliy brendlar tayyor ijtimoiy loyihalarni qo'llab-quvvatlamoqda va o'zlarining tashabbuslarini ilgari surmoqda: ommaviy marafonlar hamda ekologik tadbirlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda sohaning intellektual salohiyatini 10 ballik shkalada 3–4 ballga baholash mumkin. Xalqaro darajadagi mutaxassislar barmoq bilan sanoqli. Buning asosiy sababi — aniq tizimni ko'rgan va tajribadan o'tgan kadrlarning tarqoqligi hamda yagona akademik maktabning yo'qligidir.
Biroq, O'zbekiston jahon bozoriga taklif qila oladigan juda kuchli yo'nalish mavjud — bu kreativ sohasi.
Oxirgi yillarda o'zbekistonlik kreativ mutaxassislar qator xalqaro festivallarda g'olib chiqmoqda va nufuzli tanlovlarda hakamlar hay'ati (juror) sifatida ishtirok etib kelmoqda.
O'zbekiston bozori yangi metod va texnologiyalarni nafaqat o'zlashtirishga, balki ularni mahalliy sharoitga moslab muvaffaqiyatli qo'llashga to'liq qodir. Yetakchi brendlarning bugungi faoliyatini kuzatish orqali buni ko'rish mumkin.
Marketing endi tor doiradagi mavzu emas. Ushbu masalalar Marketing.uz va TAF (Tashkent Advertising Festival) kabi platformalarda doimiy va keng muhokama qilib kelinmoqda va bu muloqot ko'lamini yanada kengaytirish lozim.